“Oʼzbekneftgaz” АJ Boshqaruv raisi Mehriddin Аbdullaev boshchiligidagi “Ishchi guruh” tomonidan Qashqadaryo viloyatida joylashgan konlarda gaz qazib chiqarishni koʼpaytirish va geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirish boʼyicha amalga oshirilayotgan tadbirlarning holatini nazorat qilish ishlari davom etmoqda.
Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh”ning oʼrganish ishlarida konlarda amalga oshirilayotgan ayni holatni tahlil qilish, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish orqali neftь va gaz qazib chiqarish hajmini oshirish koʼzda tutilgan.
Nazorat tadbirining ikkinchi kunida Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” Muborak neftь va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli 10 ga yaqin kondagi quduqlar faoliyati bilan tanishildi.
“Ishchi guruh”i ayni paytda burgʼilash jarayonlari ketayotgan “Zevarda” konidagi 335-, 336-, 321-sonli ishlatish quduqlarini borib oʼrgandi. Bu yerda burgʼilash tashkiloti va Muborak neftь va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbariyati bilan burgʼilash ishlarining belgilangan reja boʼyicha bajarilishi tahlil qilindi. Boshqaruv raisi tomonidan burgʼilashni jadallashtirish uchun zarur boʼlgan moddiy-texnik resurslarni oʼz vaqtida yetkazib berish kabi muammoli masalalarni hal etish boʼyicha topshiriqlar berildi.
Аyni paytda gaz qazib chiqarishni koʼpaytirish maqsadida “Janubiy Kemachi” konidagi mavjud gaz quduqlar majmuasida yonlama oʼzanni burgʼilash bilan quduqlarni murakkab taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. 2023 yilda ushbu kondagi 13 ta quduqda shu turdagi ishlarni amalga oshirish belgilangan boʼlib, hozirda 1-, 2-, 24-, 64- va 144-sonli quduqlarda murakkab taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Oʼrganish jarayonlarida taʼmirlash ishlari uchun jalb qilingan maxsus texnika vositalari va ularning imkoniyatlari muhokama qilindi. Boshqaruv raisi masʼul departament boshliqlariga mazkur quduqlardan olinadigan natijalarning samarasi asosida ushbu yoʼnalishdagi tadbirlarni keng tatbiq etish masalasini oʼrganish boʼyicha koʼrsatmalar berdi.
Maʼlumot uchun qayd etish joizki, murakkab turdagi taʼmirlash ishlari “Maxsusenergogaz” АJ tomonidan olib borilmoqda. Ushbu quduqlarni burgʼilashga dunyoning ilgʼor kompaniyalaridan biri boʼlgan “Yantai Jereh Petroleum Equipment & Technologies Co. LTD” korxonasining zamonaviy qurilmalari bilan jihozlangan “ZJ-20” va “ZJ-30” burgʼilash dastgohlari jalb qilingan. Quduqlarni yoʼnalishli va gorizontal qismlarini burgʼilash hamda texnologik nazorat qilish xizmatlari Xitoyning “KARAMAY JIANYE ENERGY Co.Ltd” kompaniyasining yuqori malakali mutaxassislari tomonidan zamonaviy texnologiyalari asosida amalga oshirilmoqda.
“Ishchi guruh” Muborak hududida uglevodorodlar zaxiralarini oshirish Dasturi doirasida 2022 yilda ochilgan yangi maydonlarda olib borilayotgan ishlar holatini nazorat qilish maqsadida “Tegirmon” guruhi konlarini koʼzdan kechirdi. Dastlab “Tegirmon” konidagi 6-, 14-, 17-sonli, “Gʼarbiy Tegirmon” konidagi 12-sonli ishlatish quduqlarini burgʼilash ishlari oʼrganildi. Shuningdek, “Yangi Olot” maydonidagi 4-, 5- sonli va “Oltinkoʼl” istiqbolli maydonidagi 1-sonli ishlov-qidiruv quduqlarida olib borilayotgan burgʼilash jarayonlari bilan tanishildi.
Boshqaruv raisi tomonidan “Yangi Olot” konining istiqbollarini baholash maqsadida 10-OE-sonli ishlatish qudugʼini burgʼilash joyi belgilandi. Quduqlar oʼrnini belgilashda Modellashtirish markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlar hisoboti tinglandi. Masʼullarga quduqqa burgʼilash dastgohini oʼrnatish va burgʼilash ishlarini boshlashga ruxsat berildi.
Boshqaruv raisi “Yangi Olot” konidagi ishlarni jadallashtirish maqsadida kon boshliqlari, burgʼilash va kapital taʼmirlash ustalari bilan suhbatlashib, ular tomonidan bildirilgan oʼrinli taklif va mulohazalar boʼyicha masʼullarga topshiriqlar berdi.
Eslatib oʼtamiz, Muborak neftь va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan 2022 yilda 34 ta gaz konidagi 619 ta ishlatish quduqlaridan 14,7 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishga erishilgan edi. Konlardan qazib olingan gaz 15 ta gazni dastlabki va komleks tayyorlash qurilmalarida birlamchi tayyorlanib, 16 ta Siquv kompressor stantsiyalarida bosimi oshirilib qayta ishlash uchun Muborak gazni qayta ishlash zavodiga uzatildi.
2023 yilda Muborak neftь va gaz qazib chqarish boshqarmasida geologik texnik tadbirlar doirasida 26 ta quduqni burgʼilash (shundan 16 tasi izlov-qidiruv qudugʼi), 245 ta quduqni kapital taʼmirlash va intensifikatsiya qilish hamda 8 ta texnologik obʼektni ishga tushirish rejalashtirilgan. Buning natijada 1 630,6 mln kub metr tabiiy gaz va 14,3 ming tonna suyuq uglevodorodlar qazib chiqarishga erishiladi.
"Oʼzbekneftgaz" АJ Matbuot xizmati
Manba: https://ung.uz/press/page/3055-9493